“O‘zbekiston pochtasi” AJda Italiyaning DoxeeSpA kompaniyasi bilan “gibrid pochta” tizimini joriy etish masalasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi, xabar beradi pochta matbuot xizmati.

DoxeeSpA Italiyaning Modena shahrida 2001 yilda tashkil etilgan bo‘lib, kompaniya bugungi kunda nafaqat Italiyada, balki Yevropada dasturiy ta’minot ishlab chiqish va elektron pochta sohasida ishlatiladigan elektron (raqamli) platformalar va elektron hujjatlarni tarqatish sohasida keng qamrovli xizmatlar (“gibrid pochta”) ko‘rsatuvchi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Muzokarada “gibrid pochta” va boshqa elektron xizmatlar texnologiyalarini joriy etish orqali pochta xizmatlarini modernizatsiya qilish yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Birinchi qadam sifatida, DoxeeSpA dasturiy platformasidan foydalanib, “gibrid pochta” xizmatlarini tubdan kengaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqiladi.

Bu raqamli texnologiyaga faol o‘tish bo‘lib, qog‘oz shaklida jo‘natmalarni yetkazib berishga asoslangan “gibrid pochta"ning odatiy chegaralarini kengaytirishga va hujjatning o‘zini elektron shaklda yaratishga, uni qayta ishlashga va undan interaktiv, shu jumladan dunyoda birinchi marta video hujjat shaklda, foydalanishga imkoniyat yaratadi.

Asta-sekin, qog‘oz tashuvchi vositalariga asoslangan va hujjatli aloqa tizimi sifatida tanish bo‘lgan pochtaning maqsad va vazifalari kafolatlangan hamda qonuniy jihatdan himoyalangan muhim innovatsion hujjatli telekommunikatsiya funksiyasi bilan to‘ldiriladi.

Doxee dasturiy platformasining afzalligi shundaki, u pochta orqali hujjatlarni yetkazib berish uchun turli xil variantlardan foydalanish imkonini beradi: qog‘oz shakldan elektronga, qog‘ozdan — qog‘ozga, elektrondan — qog‘ozga, elektrondan elektron shaklga.

Doxee platformasining texnik imkoniyatlari yordamida pochta operatori nafaqat, avvalgidek, jo‘natuvchi va qabul qiluvchining o‘rtasidagi yozishmalarning uzatuvchisi rolini bajaribgina qolmay, balki mijozga zarur hujjatlarni ishlab chiqarishda ham ishtirok etishi uchun sharoitlar yaratiladi.

Hozirgi vaqtda iste’molchilar Doxee platformasiga murojaat qilib “veb-sahifa” shaklidagi hujjat bilan ishlashadi, bu esa o‘qilishi mumkin va kerak bo‘lganda ma’lumot olish, o‘zgartirish kiritish, to‘lash va boshqa zarur choralarni ko‘rish imkonini beradi.