10 aprel kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi GM Uzbekistan tumanga qarshi faralarni oxirigacha yetkazib bermaganligini fosh qilgan edi. 2018 yilda ishlab chiqarilgan 6 506 dona Neksiya-3 (2-pozitsiya) rusumidagi avtomobillar komplektatsiyasida tumanga qarshi oldi yoritkichlar o‘rnatilmaganini aniqladi.
Ushbu holatni bartaraf etish bo‘yicha Qo‘mitaning talabiga asosan bugungi kunga kelib iste’molchilarga yetkazib berilgan 6037 ta avtomashinaga tumanga qarshi yoritkichlar o‘rnatib berildi va fuqarolarning jami 2,5 mlrd.so‘mdan ortiq manfaatlari himoya qilindi.
GM Uzbekistan shu kunning o’zidayoq yoritkichlar bilan bog’liq vaziyatga javoban tumanga qarshi faralarning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining talabi bilan qo‘yib berilganligi haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, sababi avtomobillarga mazkur butlovchi qismlarni o‘rnatib berish “GM Uzbekistan” kompaniyasi tomonidan doimiy nazoratda bo‘lgan va bu haqda xaridorlar ham ogohlantirilganligi haqida ma’lum qildi.
Kompaniyada ta’kidlanishicha, avtomobillarni tumanga qarshi faralarsiz xaridorlarga yetkazilish holatlari mazkur butlovchi qismning yetkazib berilishida kechikish yuzaga kelganligi sababli xaridorlarni ogohlantirgan va ular bilan kelishilgan holda amalga oshirilgan.
11 aprel kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi GM Uzbekistanning tutgan pozitsiyasi, uning korporativ madaniyati va qadriyatlariga nisbatan bir qancha savollarni yuzaga keltirayotganligi ma’lum qildi:
“Avtomobil ishlab chiqarish industriyasida faoliyat yuritayotgan global kompaniyalar odatda kamchiliklar aniqlanganda sotuvga chiqarilgan avtomobillarni ommaviy tarzda qaytarib oladilar va zudlik bilan nuqsonlarni bartaraf etadilar. Eng asosiysi, ularning biznes yuritish ananalariga ko‘ra ular iste’molchilar va mijozlardan oshkora ommaviy tarzda uzr so‘raydilar (misol uchun, Toyota, Volkswagen va boshqa kompaniyalar). Bu esa, ushbu kompaniyalarda yuqori korporativ madaniyat, biznes-etikasi va ijtimoiy javobgarlik standartlari joriy etilganligidan dalolat beradi.
Biroq, GM Uzbekistan’ning xatti-harakatlarida quyidagini kuzatish mumkin:
Xususan, komplektatsiyalarida yetishmovchiliklar mavjud bo‘lgan avtomashinalar ommaviy tarzda qaytarib olinmagan yoki yetishmovchilik to‘g‘risida tegishli tartibda e’lon qilinmagan, ushbu vaziyat bo‘yicha ko‘p holatlarda iste’molchilarga tegishli tarzda ma’lumotlar berilmagan, ularni bartaraf etish uchun qulayliklar yaratilmagan, masalan, Toshkent viloyatining Bekobod (uzoqlik — 150 km), Bo‘ka (80 km.), Chirchiq shaharlarida (100 km) avtomobil xarid qilgan iste’molchilar tumanga qarshi yoritgich o‘rnatish uchun Chinoz tumaniga kelishga majbur bo‘lganlar, kamchilikni bartaraf etish muddatlari cho‘zib yuborilgan, alohida holatlarda 2018 yilning oktabr oyida sotib olingan avtomobillarga bugungi kunga (6 oy o‘tgan) qadar komplektatsiyani butlash ishi amalga oshirilmagan", deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yuqorida keltirilgan holatlar, bozorda muayyan xo‘jalik yurituvchining monopol mavqei vujudga kelishi uning iste’molchilar oldidagi ma’suliyati pasayishini keltirib chiqarishiga yana bir bor dalil bo‘lmoqda.
Qo‘shimcha ravishda, joriy yilning 10 aprel kuni Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarida axborot berilishidang so‘ng, GM Uzbekistan tomonidan yetishmovchiliklar bartaraf etilmagani to‘g‘risida iste’molchilar murojaatlari kelib tushishi davom etayotganligi qayd etildi.
Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bundan keyin ham shunga o‘xshash holatlarni aniqlashni va ularni qonunchilikda ko‘zda tutilgan barcha vositalar orqali bataraf etish bo‘yicha ishlarni va bu bilan iste’molchilarning qonuniy huquqlarini himoya qilishni ta’minlashni davom ettiradi.