O‘tgan haftada Tovar xomashyo birjasida sotuv yakuni bo‘yicha 200 gr Au-1 markali oltin sotildi. Bu haqda birja ma’lumotlarida keltirilgan.

Tillaning qiymati 69,6 mln so‘mga teng bo‘ldi, birja savdolarida sotuvchi sifatida “Olmaliq KMK” AJ ishtirok etdi. Birja kotirovkasi deyarli boshlang‘ich bahoda saqlangan — 1 gr oltin 348 ming so‘mni tashkil qilgan.

Ilgari Spot xabar berganidek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan mart oyidan Tovar xom-ashyo birjasi savdolarida qimmatbaho metallar sotila boshlandi. Oltin sotuvi bo’yicha ilk shartnoma aprel oyining boshida qayd etildi.

Qimmatbaho metallarning birja savdolari qonun hujjatlari, birja savdolari va hisob-kitob kliring xizmat ko‘rsatish tartib-qoidalari asnosida amalga oshiriladi. Birja savdolari orqali sotib olingan qimmatbaho metallarni eksportga sotish taqiqlangan.

Sanoatda ishlatiladigan mahsulotlarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, yuridik shaxslar va yakka tadbirkorlar — qimmatbaho metallardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar birja savdolarida qimmatbaho metallarning xaridorlari hisoblanadilar.

Zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqaruvchilar savdolarda ishtirok etish uchun birjaga Markaziy bank huzuridagi Qimmatbaho metallar agentligi tomonidan beriladigan qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlardan zargarlik buyumlari va boshqa buyumlar ishlab chiqarish faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani taqdim etishlari kerak.

Sanoat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar savdolarda ishtirok etish uchun birjaga Agentlikning Davlat asillik palatasi tomonidan beriladigan ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini taqdim etishi kerak.