Tovar xomashyo birjasining axborot tizimida chiroyli sonlar kombinatsiyasiga ega mobil telefon raqamini sotish bo‘yicha ilk bitim tuzildi. Bu haqda birja ma’lumotlarida keltirilgan.

O‘tkazilgan elektron savdo natijasiga ko‘ra mobilraqam.uzex.uz saytida onlayn-auksion orqali “COSCOM” MChJ (Ucell savdo belgisi) uyali aloqa operatorining (+998 93) 577−88−88 birinchi mobil raqami sotildi.

Ilgari Spot xabar berganidek, ushbu lot joriy yilning 4 iyun kuni Toshkent shahar jismoniy shaxslari uchun savdoga qo’yilgan edi. Raqobatli tartibot jarayonida savdo ishtirokchilari bir necha marotaba o‘z narx takliflarini berishdi.

Natijada boshlang‘ich bahosi 4 000 000 so‘mlik mobil raqamning sotilish qiymati 5 360 000 so‘mgacha o‘sdi. O‘sish darajasi boshlang‘ich narxga nisbatan 34%ni tashkil etdi.

Ayni paytda Ucell respublikaning barcha hududlari uchun pullik toifadagi mobil raqamlarini birjaning elektron savdo tizimiga qo‘yib bormoqda. Elektron savdoda ishtirok etish uchun birjaning mobilraqam.uzex.uz vebsaytida ro‘yxatdan o‘tishi va birjaning hisob-kitob kliring palatasiga garov mablag‘ini kiritishi lozim.

O'‘tkaziladigan onlayn-auksionlarni yakunlanlash muddati sotuvchining talabnomasi qo‘yilgan paytdan boshlab eng kamida uch ish kunini tashkil etadi. Auksionlarni yakunlanishiga qadar qarshi takliflar kelib tushsa, auksion savdo qo‘shimcha 10 daqiqaga uzaytiriladi, savdolar bosqichi sotuvchi tomonidan belgilanadi.