2019 yilning iyun oyida iste`mol bozorida umumiy narxlar darajasining pasayishi kuzatilib, oy davomidagi deflyatsiya ko`rsatkichi 0,5% ni tashkil qildi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida iste`mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi 5,0%ga qimmatlashdi. 2018 yilning iyun oyiga nisbatan respublika iste`mol sektoridagi o`rtacha narxlar 13,6%ga oshdi.

2018 yilda bo`lgani kabi, 2019 yilning iyun oyida ham iste`mol narxlari umumiy darajasining pasayishi kuzatildi. Bu asosan mavsumiy tendentsiyalar va meva-sabzavot mahsulotlari narxlarining pasayishi bilan bog`liq.

Umumiy hisobda 2019 yilning yanvar-iyun oylari davomida oziqovqat mahsulotlari 5,9%, nooziq-ovqat mahsulotlari 5,2%, xizmatlar 5,3%ga qimmatlashdi.

Yil davomida (2019 yil iyun oyi 2018 yilning iyun oyiga nisbatan) oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 16,3%, nooziq-ovqat mahsulotlari 10,9%, xizmatlar 12,9%ga ko`tarildi.