Markaziy bank tomonidan iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalarni aniqlash bo‘yicha so‘rovlar o’tkazildi. Unda Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri kesimida jami 900 nafar jismoniy shaxslar va 375 ta yuridik shaxslar ishtirok etdi.

So‘rovda aholining kreditga bo‘lgan munosabati o‘rganildi. Joriy yilning II choragida, krediti mavjud respondentlarning ulushi o‘tgan chorakka nisbatan 9% bandga oshib, 62%ni tashkil etdi.

Xususan, joriy yilning iyunida, ipoteka krediti bor respondentlar ulushi 16%ga yetgan bo‘lsa, avtokredit hamda iste’mol kreditlari mavjudligini qayd etgan respondentlarning ulushi har biri 14%ga teng bo‘ldi.

Shu bilan birga, iyunda respondentlarning 21%i avtomobil kreditidan foydalanish niyatida ekanligini bildirgan bo‘lsa, 17%i esa oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kredit olishni maqsad qilgan.

Shuningdek, iste’mol kreditidan foydalanishni istaganlar ulushi 15%gacha kamaydi.

Ilgari Spot 2019 yil yanvar oyidan iyun oyining oxiriga qadar O‘zbekiston banklarida avtokreditlar berilish shartlari qanday o‘zgarib borgani haqida xabar bergan edi.