2013 yili Fotima Ziyodillayeva “Erkatoybolajon” bolalar ortopediya poyafzali brendiga asos soldi, yana uch yildan keyin maxsus kiyim tikish bilan shug‘ullandi. Spot’ga bergan intervyusida u biznes yuritishda qanday qiyinchiliklarga duch kelayotgani va mamlakatda yagona maktab formasiga o‘tishni keyinga qoldirishgani ishlab chiqarishga qanday ta’sir ko‘rsatgani haqida so‘z yuritdi.

Bo‘sh joyni ko‘rish

Biznesni boshlash uchun 15 mln so‘m kredit oldim va unga o‘zimning 5 mln so‘m pulimni qo‘shdim. Poyafzalchi-texnolog Genrik Saakyan bilan suhbatlashib, uni mening bolalar ortopedik poyafzali tikish haqidagi g‘oyamni amalga oshirishda yordam berishga ko‘ndirdim. O‘sha vaqtda u ishlab chiqarishni boshqargan fabrika yopilgan va u shahardan ketish harakatida edi.

Bizning jamoamizda atigi besh kishi bor edi, biroq biz astoydil ishladik va qisqa muddatda 20 ta poyafzal modelini ishlab chiqish va kompaniya taqdimotini o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldik. Mijozlar seximizga shifokorlar yozib bergan retsept bilan kelishar, Genrik Movsesovichning shaxsan o‘zi davlat standarti bo‘yicha poyafzal tayyorlash uchun o‘lchamni olardi. Ortopedik poyafzalning o‘ziga xosligi shundaki, uning patagi, tovoni va uchi qattiq bo‘lishi hamda oyoq kaftini to‘g‘ri holatda ushlab turishi lozim.

Bu yo‘nalishda hech kim yo‘q edi, shuning uchun mijozlarni tez jalb qila oldik — mahalliy televideniyega reklama berdik, bannerlar o‘rnatdik va albatta, odamlar o‘rtasida tarqalgan xabarlar ham yordam berdi.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot

Bir necha oydan so‘ng biz kam ta’minlangan oilalar farzandlari uchun 10 ming juft poyafzal tikish uchun tenderni yutib oldik. Bu bizning birinchi, ilhomlantiruvchi g‘alabamiz edi.

Har bir juft poyafzaldan sof foyda 85 ming so‘mlik chakana savdoda 7000−8000 so‘mni tashkil qilar edi. Men doim imkon qadar arzonroq qilishga intilardim, chunki o‘zim onaman va bolalar uchun kiyim va poyafzal sotib olish oson emasligini yaxshi bilaman.

Ish boshlaganimizdan bir yil o‘tgach, kreditni to‘lab bo‘ldik va narxlar baland emasligi, biznesdagi tannarx va narx o‘rtasidagi farqning kamligiga qaramay, vaqt o‘tib kengayishga, hamda fabrika hududida magazin ochishga muvaffaq bo‘ldik.

“Biznes men uchun jang maydoni bo‘lib qoldi”

Korxonani kengaytirish va yangi yo‘nalish — mahsus kiyim tikishni yo‘lga qo‘yish uchun 2016 yil yana 40 mln so‘m kredit oldim (uni hozirgacha to‘layapman). Bu pullarga biz 200 ta tikuv mashinasi sotib oldik va deyarli darrov Mudofaa vazirligi xodimlariga libos tikish uchun tenderda g‘olib chiqdik.

Birinchi tender haqiqiy birinchi jang bo‘ldi. Qiyinchiliklar oshib-toshib borar, raqiblar bizni raqobatdan chiqarish uchun oyoqdan chalishga urinishardi, biroq men o‘z mahsulotimga ishonardim va oxirigacha kurashdim.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot

Katta muammo ijarador bilan bo‘ldi, men undan 50 mln so‘mlik ijara to‘lovi muddatini uzaytirishni so‘radim, biroq u rad etdi va bizni ko‘chaga chiqarib tashladi, ammo mening 500 mln so‘mlik jihoz-uskunalarimni o‘zida olib qoldi.

Jihoz-uskunalar, tabiiyki, kompaniya balansida turadi,biroq ularni qaytarib olomayman. Hozircha sudga murojaat qilganim yo‘q — insofga kirib qolar, degan umiddaman.

Jihoz-uskunalarni qo‘ldan chiqargandan keyin buyurtmani men qachonlardir qizlarga sovg‘a qilgan sakkizta mashinada tikdik va ikki furgon mahsulotni belgilangan muddatda topshirishga muvaffaq bo‘ldik. Bu ko‘zlarni yoshga to‘ldirgan g‘alaba edi.

Bu biznes men uchun jang maydoni bo‘ldi, bu maydonda doim sen hammasini to‘g‘ri qilayotganingni isbotlashingga to‘g‘ri keladi.

Maxsus kiyimni tikish uchun tenderdan keyingi birinchi buyurtmachi Rossiyaning TESS kompaniyasi bo‘ldi, keyin esa odamlar o‘rtasida tarqalgan xabarlar ish berdi. Biz Enter Engineering, Bureau Veritas, Mitsubishi va boshqa ko‘plab kompaniyalar bilan shartnoma tuzdik va hozir ham ular bilan ishlayapmiz.

O‘z binomiz yo‘qligi asosiy muammo bo‘lib qolaverdi. Shuning uchun men boshqa barcha jihatlar bo‘yicha to‘g‘ri kelsam-da, yirik tenderlarda qatnasha olmayman.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot

Bino ijarasiga oyiga 7 mln so‘m to‘layman. Biz bu yerga ko‘chib kelganimizda u tashlandiq bino bo‘lib, unda elektr toki ham, hojatxona ham yo‘q edi — o‘z hisobimdan ta’mirladim. Shu bilan birga ijaradorning qarorlari yo‘limga to‘siq qo‘yadi, masalan, men u qarshi bo‘lgani uchun konditsioner qo‘ya olmayman.

Soliqlar ham og‘ir yuk bo‘lib turibdi — har oyda 20 mln so‘m soliq to‘layman.

Hokimiyat bilan munosabatlar to‘g‘risida

Qonun men tarafimda ekanini doimiy ravishda isbotlashimga to‘g‘ri keladi va bundan charchadim.

Buxoro hokimligidagilar bino ajratishga yordam so‘rab qilgan murojaatlarimga quruq va’da bilan javob qaytaradilar xolos.

2016 yili hokimlik menga yer ajratdi va bino qurib olishni taklif qildi, biroq qurilish uchun pulim yo‘q edi. O‘shanda o‘rniga imtiyozli, ya’ni birinchi yarim yillikda ijara to‘lovisiz bino topib berishni va’da qilib yerni olib qo‘yishdi. Biroq bino egasi birinchi oydanoq to‘lov talab qildi. Portalga yozgan hamma xatlarim shahar rahbariyatiga qaytib keladi va ahvol o‘zgarishsiz qolaveradi.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot

Prezidentning Buxoroga tashrifi arafasida bizga tashlandiq bino ajratishdi. Xodimlarim bir oy uni tartibga keltirishdi, yuvishdi, tozalashdi. Shavkat Miromonovich ketgan kunning ertasiga kadastrdan kelib, bino ularga tegishli ekanini va biz darhol uni tark etishimiz lozimligini aytishdi.

Majburiy maktab formasini joriy etish bo‘yicha oxirgi o‘zgarishlar tufayli katta zarar ko‘rdik. Ishlab chiqarish quvvati butun viloyatni ta’minlash uchun katta hajmdagi ishlarni amalga oshirish imkoniyatini bergani sababli biz libosga buyurtma ijrochilari qatoriga kirdik. Deyarli barcha mablag‘ni gazlama, lekalo va furnitura xarid qilishga sarfladik.

Oxir-oqibat forma joriy etishni 2024 yilgacha to‘xtatishdi va ota-onalar buyurtmadan voz kechish va pullarini qaytarishni talab qilishga tushishdi. Men shahar xalq ta’limi boshqarmasi ota-onalarga formani hech kim bekor qilmaganini tushuntirishi lozim deb hisoblayman. Biroq biz ko‘rgan zararlar uchun kim javob beradi? Bu savol javobsiz qolmoqda.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot

Biznesda qolish sabablari

Biznesda ayollar erkaklarga qaraganda ancha kuchli. Biroq bu maydonda gender farq yo‘q, seni bekamu-ko‘st shaxs deb qabul qilishlari muammo. Hamma birinchi navbatda ortingda kim turganini bilishni istaydi, keyin esa yordam bersammi, bermasammi, deb o‘ylaydi.

Barcha qiyinchiliklar va tang vaziyatlarga qaramay meni biznesda tutib turgani — bu mening jamoam. Shunday paytlar bo‘ladi, hammasini yig‘ishtirib, jihozlarni sotib Toshkent yoki Moskvaga ko‘chib ketgim keladi, biroq xodimlarim taqdiri to‘g‘risidagi xayol to‘xtatadi. Ular qanday yashaydi va qayerdan ish topadi?

Ayrim tikuvchilar shahardan 45 km masofada yashaydi, biroq har kuni fabrikaga keladi, chunki ular oilasini boqishi kerak. Ajrashganimdan keyin o‘zim va farzandlarim uchun uy olish o‘rniga olib qo‘yiladigan uyga ko‘chib o‘tdim. Chunki o‘z vaqtida soliq, maosh va ijara to‘lovi to‘lashim kerak edi. Mening jamoam taslim bo‘lishga qo‘ymaydi. Ustozlarim va xodimlarim — mening tayanchim ular tufayli men taslim bo‘lmayman va hammasi yaxshi bo‘lishiga ishonaman.

Foto: O‘tkir Sharipov / Spot