Senat tomonidan yangi tahrirdagi “Banklar va bank faoliyati to‘g‘risida"gi qonun ma’qullandi.

Qonunga muvofiq, banklar amalga oshiradigan operatsiyalar ro‘yxati bir qator yangi amaliyotlar bilan to‘ldirildi.

Xususan, qimmatbaho metallardan yasalgan tangalarni sotib olish va sotish, elektron pullarni chiqarish, ulardan foydalanish va to‘lash kabi amaliyotlar shular jumlasidandir.

Qonun bilan, shuningdek, kreditorlar va omonatchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida banklar uchun taqiqlangan yoki cheklangan faoliyatga oid normalar belgilandi.

Hujjatga ko‘ra banklararo operatsiyalar, banklar va ularning mijozlari o‘rtasidagi munosabatlar, kreditlar, depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari, shuningdek kreditlar qaytarilishini ta’minlash tartibga solinadi.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, bank xodimlarining odob qoidalariga rioya qilishini ta’minlash bo‘yicha choralar ham ko‘zda tutilgan.

Ma’qullangan qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.