Avvalroq Spot Qozog’istonning yirik chakana savdo tarmog’i hisoblangan Magnum Cash&Carry O’zbekiston bozoriga kirib kelayotganligi haqida yozgan edi. Kompaniya 2021-yilda Toshkentda oltitagacha do’kon ochishni rejalashtirgan bo’lib, ular asosan gipermarket shaklida bo’lishi aytib o’tilgan.

Agar kompaniya bu rejalarni amalga oshirishning uddasidan chiqsa,unda ikkinchi marta Fransiyaning Carrefour kompaniyasi bilan yana bir bozorda to’qnash keladi. Majid Al Futtaim nazorati ostida bo’lgan Carrefour kompaniyasi o’tgan yil oxirida o’zbek bozoriga kirib, Toshkentda birinchi supermarketni ochgan edi.

2016-yildan 2017-yilgacha ular Qozog’iston bozorida raqobatlashdilar. Franshizaning egasi Majid Al Futtaim keyinchalik Carrefourni O’zbekistonga olib keldi. O’sha paytning o’zida Magnum allaqachon bozor yetakchilaridan biri hisoblanardi.

Qozog’istonda birinchi Carrefour do’koni 2016-yil fevral oyida 8 ming kvadrat metr maydonda ochilgan. Kompaniya Almatida beshta va Astana shahrida kamida to’rtta gipermarket ochishni rejalashtirgan edi, ammo 2017-yilda bozorni tark etishga qaror qildi. Asosiy sabab bu devalvatsiya va shiddatli raqobat.

“Afsuski Carrefour kompaniyasi Magnum Cash&Carry bilan bo’lgan raqobatga bardosh berolmadi” — deydi Carrefour tarmo’gining birinchi supermarketi joylashgan Grand Park SKK ning general direktori Gabit Beysenbayev. Uning fikricha, mamlakatdagi moliyaviy ahvol, ayniqsa aholi xarid quvvatining pasayishi tarmoqning faoliyatiga kuchli ta’sir ko’rsatgan.

Carrefour va Magnum tarmoqlari 2021-yilda O’zbekistonda bir nechta supermarketlar ochishni rejalashtirgan. Ikkala brend ham bir narsani ta’kidlamoqda: O’zbekiston iqtisodiyotiga foyda olib kelish.