Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2020- yilning yanvar-dekabr oylarida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 218 853,5 mlrd. so‘mga yetdi. Uning nominal hajmi 25 155,7 mlrd. so‘mga oshdi. Taqqoslama ekvivalentda o‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 102,3% ni tashkil etdi. Bu haqda Davlat statistika qo’mitasi xabar beradi.

2020- yilning yanvar oyiga nisbatan joriy yilning dekabr oyida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmi 4,2 trln. so‘mga o‘sdi va 20,5 trln. so‘mga yetdi. Taqqoslash uchun: 2019- yilning mos davrida hajmi 2,6 trln. so‘mga o‘sgan va 16,1 trln. so‘mga teng bo‘lgan.


2020- yilning IV diskret choragi yakunlariga ko‘ra, ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 61,8 trln. so‘mni tashkil etib, 2019- yilning IV choragiga nisbatan (52,7 trln. so‘m) hajmi 9,1 trln. so‘mga oshdi.

Yuqori o‘sish moliyaviy xizmatlar (25,6%), aloqa va axborotlashtirish xizmatlari (15,3%), shuningdek, ta’lim sohasidagi xizmatlar (7,4%) va savdo xizmatlarida (1,7%) qayd etildi. Xizmatlar sohasiga taalluqli bo‘lgan boshqa barcha faoliyat turlari bo‘yicha 2019- yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’atlarining pasayishi kuzatilmoqda.

Transport sohasida ko‘rsatilgan bozor xizmatlari hajmining sezilarli darajada pasayishiga qaramay, xizmatlarning umumiy hajmida ularning ulushi ustun bo‘lib qolmoqda — 24,6%.

2020- yilning yanvar-dekabr oylarida, ko‘rsatilgan bozor xizmatlari umumiy hajmida savdo xizmatlarining ulushi 25,8% ni tashkil etdi, bu esa 56 553,9 mlrd. so‘mga to‘g‘ri keldi. Taqqoslash uchun: 2019- yilda ularning hajmi 48 748,2 mlrd. so‘mga yoki umumiy hajmining 25,2% iga to‘g‘ri keldi.

2020- yilning yanvar-dekabr oylarida aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining hajmi 12 886,0 mlrd. so‘m darajasida belgilandi. 2019- yilga nisbatan ushbu turdagi xizmatlarning o‘sish sur’ati 115,3% ga yetdi.


2020- yilning yanvar-dekabr oylarida ta’lim sohasidagi xizmatlarning yuqori hajmi Samarqand (736,7 mlrd. so‘m), Farg‘ona (608,1 mlrd. so‘m), Toshkent (582,7 mlrd. so‘m) va Buxoro (537,6 mlrd. so‘m) viloyatlari hamda Toshkent shahrida (3 762,5 mlrd. so‘m) qayd etildi.

Ko‘plab xalqaro ekspertlarning fikriga ko‘ra, xizmatlar sohasining jadal rivojlanishi mamlakat iqtisodiyotini zamonaviy tuzilmaviy moslashtirishni muvaffaqiyatli yakunlash uchun hal qiluvchi shartdir.

Avvalroq Spot, pandemiya davrida O’zbekistonda qaysi biznes sohalarida korxonalar soni ko’payganligi haqida ma’lumot bergan edi.