Ijtimoiy tarmoqlarda Chevrolet Onix avtomobilining rasmlari tarqatgan edi. Taxminlarga ko’ra, bu O’zbekistonga sotuv uchun olib kelinayotgan Onix rusumidagi mashinalarning bir qismi deyilgan.

Bu savollar yuzasidan “O'zavtosanoat” Spotga ma’lumot qoldirdi.

“O'zbekistonga olib kelinayotgan Chevrolet Onix avtomobillari batafsil o’rganish uchun bir necha nusxada sotib olingan tajriba namumalari hisoblanadi” — deya tushuntirish berildi.

Matbuot xizmati ushbu nusxalar mahalliy iqlim sharoitida sinov o’tkazish va potensial xaridorlarning fikrlarini o’rganish uchun sotib olingan (Car clinic), deya qo’shimcha qildi.

Ma’lumot uchun: 2019-yilda Xitoyda modelning ikkinchi avlodi namoyish etilgan edi, bu 2016-yilgi Chevrolet Cavalier modelini chuqur modernizatsiya qilish natijasida yuzaga kelgan.

Onix markazida yangi GEM (Global Emerging Markets) byudjet platformasi joylashgan bo’lib, u arzon narxlardagi ixcham avtomobillarga mo’ljallangan. Birinchi GEM modellaridan biri ikkinchi avlod Chevrolet Tracker krossoveri edi.

Avvalroq Spot, “UzAuto Motors” Spark, Nexia, Cobalt va Lacetti kabi avtomobil sotuvini to‘xtatgani haqida yozgan edi.