Suvaysh kanali kemalar harakati uchun ochildi. Ayni paytda Suvaysh kanalidan o‘tish uchun 422 ta yuk kemasi navbatda turibdi, dedi kanal ma’muriyati rahbari Usama Rabiya matbuot anjumanida.

Uning aniqlik kiritishicha, kemalar kanalning janubiy kiradigan joyida ham, shimoliy kiradigan joyida ham qatorlashib turibdi.

“Endi xotirjam bo‘lishimiz mumkin, Suvaysh kanali kemalar harakati uchun ochildi”, dedi Rabiya.

Rabiyaning ta’kidlashicha, kemalarga xizmat ko‘rsatish jamoasi kechayu-kunduz ishlashga tayyor, seshanba kuni tonggacha 113 ta kemani kanaldan o‘tkazish rejalashtirilgan.

Xabarda aytilishicha, kemalar tiqini taxminan uch kunda bartaraf qilinadi. Matbuot anjumanida Ever Given yuk kemasining kanalni to‘sib qo‘yishi tasodif ekani aytildi.

“Bunday murakkab hodisa bir necha sabablarga ko‘ra ro‘y berishi mumkin. Masalan, texnik sabablar yoki inson xatosi ham. Minglab kemalar muntazam o‘tib turibdi va bunaqasi avval yuz bermagandi”, — dedi u.

Yuzaga kelgan vaziyat uchun kanal ma’muriyatining aybi yo‘q, u ham zarar ko‘rdi.

“Voqeani o‘rganish natijasida kim tovon to‘lashi aniq bo‘ladi”, — dedi Rabiya.

Uzunligi 400 metr keladigan Ever Given kemasining yuk ko‘tarish qobiliyati taxminan 224 ming tonnaga teng. U Xitoydan Rotterdamga qarab suzayotganda o‘tgan hafta seshanba kuni kanalning 151 kilometrida sayozlikka o‘tirib qolgandi. Natijada kema suv yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Oradan qariyb bir hafta o‘tib, ya’ni kecha dushanba kuni kema sayozlikdan chiqarib olindi.

Suvaysh kanali dunyodagi eng gavjum dengiz savdo yo‘li hisoblanadi, uning uzunligi 160 kilometr, kengligi 250 metr, chuqurligi 20 metrgacha keladi. Kanal O‘rtayer dengizi bilan Qizil dengizni bog‘laydigan yagona suv yo‘li hisoblanib, kemalarning Afrika qit’asini aylanmasdan Yevropadan Osiyoga, Osiyodan Yevropaga o‘tishini ta’minlaydi.

Bloomberg agentligining ta’kidlashicha, kanalning to‘sib qo‘yilishi jahon iqtisodiyoti uchun kuniga taxminan $10 mlrdzarar keltirgan.