Avvalroq Spot, Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish investisiya loyihalari amalga oshirilishi haqida xabar bergan edi.

Stansiya Toshkent viloyatining Qibray tumani (Toshkent IES g‘arb tomonida) hududidagi 7 gektar yer maydonida barpo etilmoqda. Bu haqida Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar beradi.

Loyihaning umumiy qiymati 300 million AQSh dollarini tashkil qiladi va “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar hisobiga to‘liq moliyalashtiriladi.

Stansiyalar joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, yiliga 3,9 milliard kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 million metr kub tabiiy gaz tejaladi.

Loyiha doirasida “Aksa Enerji” kompaniyasi va Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi o‘rtasida Investisiya kelishuvi, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ bilan Elektr energiyasini sotib olish kelishuvlari imzolangan.

Ayni paytda quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasida va 230 MVt bo‘lgan gaz-porshenli elektr stansiyasida qurilish ishlari boshlab yuborilgan.

Qurilish davomida 900 nafar ishchi-xodimlar faoliyat yuritadi. Stansiyalar ishga tushgach 220 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.