Toshkent viloyatining barcha hududlarida bo‘lgani kabi Ohangaron tumanida ham tadbirkorlikni rivojlantirish, qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayapti.

Xususan, hududdagi “Qiziloy” mahalla fuqarolar yig‘inida “TOSHKENT CONCH CEMENT” MCHJ xorijiy korxonasi tomonidan yangi sement zavodi qurilishiga start berildi.

2019-yilning 22-oktyabrda korxona bilan tuman hokimligi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi. Shunga ko‘ra, yangi zavod qurilishi 34,2 gektar, maxsus karer uchun esa 183,3 gektar yer maydoni ajratilgan. Loyihaning umumiy qiymati $200 mlnga teng.

Mahsulotning 30 foizi eksportga mo‘ljallangan ushbu sement zavodi yiliga 2,2 million tonna sement ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lib, zavod ishga tushgach, 300 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Ayni paytda qurilishni amalga oshirish uchun ishchilarni qabul qilish jarayoni boshlangan.

Avvalroq Spot Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investotsiya loyihalari haqida ma’lumot bergan edi.