Walmart 2019-yildayoq Project Storm nomli “bulutli” oʻyin xizmati ustida ish boshlagan, deya xabar bermoqda “The Verge”.

Kompaniya oʻz mahsulotini dastlab Epic Games va boshqa ishlab chiqaruvchilarga taklif qildi. Xizmatni Windows sistemasida Steam, Uplay, Origin, Epic Games Store, Battle.net va Bethesda Launcherʼni qoʻllab-quvvatlagan holda ishga tushirish rejalashtirilgan.

Xizmatning asosiy xususiyati “ochiq ekotizim” boʻlib, unda foydalanuvchilar “bulut” orqali oʻynashlari yoki oʻz qurilmalariga oʻyinlarni yuklab olishlari mumkin boʻladi.

Maʼlumotlarga qaraganda, koʻplab kompaniyalar Walmart bilan allaqachon shartnoma imzolagan, ammo pandemiya sababli xizmatni ishga tushirish vaqti biroz ortga surilgan. Hozircha xizmatning qachon start olishi nomaʼlum.

Maʼlumot uchun, bir qancha kompaniyalar, masalan, Amazon ham oʻzining “bulutli” oʻyinlar xizmatiga ega. Bu borada Googleʼning Stadia va Microsoftʼning xCloud xizmatlari Amazon bilan raqobatlashadilar.