FCB Artgroup-ning Oʻzbekistondagi rahbari Shohruh Nizamutdinov “Ular"ga bergan intervyusida marketing sohasining rivojlanishidagi toʻsiqlar haqida aytib berdi.

“Oʻzbekistonda marketingni rivojlanishiga eng katta toʻsqinlik qilayotgan narsa — bu internet. Nafaqat marketing, balki koʻplab yoʻnalishlar internetning sekin va qimmatligi sabab aziyat chekmoqda”, — deydi mutaxassis.

Uning aytishicha, hozir oʻz-oʻzini rivojlantirish davri. Odamlar oʻz ustilarida tinimsiz ishlashlari kerak. Bu borada internet yordam bera oladi. Chunki internetda hamma narsa bor. U tez va arzon boʻlsa, natijalar ham shunga yarasha boʻladi.

“Misol uchun, qozogʻistonlik bir yigit „Grammy“ mukofotini qoʻlga kiritdi. Bunaqasi MDH tarixida boʻlmagan. Aslida u bola hamma narsani internetdan oʻrgangan ekan. Musiqaga oid bilimlarni internet orqali olib, katta sovringa ega boʻldi. Shuning uchun biz ham yoshlarga internetni arzonroq qilib, uni tezlashtirsak — ularga katta maʼlumotlar omborini ochib bergan boʻlamiz”, — deydi u.

Nizamutdinovning qoʻshimcha qilishicha, marketing rivojlanishida til bilish masalasi ham katta muammolardan biridir. Koʻplab adabiyotlar rus va ingliz tilida boʻlganligi sababli, bu tillarni bilmaslik katta maʼlumotlardan quruq qolishdek gap.

Shu sababli barcha yoshlar mana shu tillarni albatta oʻrganishlari shart, deya qoʻshimcha qilgan taniqli marketolog.