Tesla kompaniyasi asoschisi va dunyoning eng boy odamlaridan biri Ilon Mask oʻziga tegishli uylardan oxirgisini ham sotishga qaror qilganini aytdi.

Mask San-Fransisko koʻrfazida joylashgan uyini sotib, bir yil avval bergan vaʼdasining ustidan chiqadi. U oʻshanda oʻziga tegishli barcha koʻchmas mulk va boshqa mulkining katta qismini sotishini eʼlon qilgandi.

“Oxirgi uyimni ham sotishga qaror qildim. Uni biror katta oila sotib olishi kerak. Bu oʻzgacha joy”, — deb yozgan tadbirkor.

Mask katta mol-mulkka egaligi tanqid qilinganiga javoban uni sotib yuborishga vaʼda bergandi. Tadbirkorga tegishli oxirgi uy sotilishi haqidagi xabar esa ProPublica notijorat tashkiloti olib borgan surishtiruv natijalari eʼlon qilingandan bir hafta oʻtib paydo boʻldi. Surishtiruvga koʻra, 25 nafar eng boy amerikalik, jumladan, Mask qonunda belgilangandan ancha kam daromad soligʻi toʻlagan.

2020-yil mayida milliarderga tegishli butun koʻchmas mulk — Los-Anjyeles va San-Fransiskodagi 7ta hashamatli uy $100 millionga baholangan. Mask oxirgi uyini sotgach unda birorta koʻchmas mulk obyekti qolmaydi. Milliarder 2020-yildan boshlab Texasda oʻziga tegishli SpaceX kompaniyasiga qarashli uyda ijarada yashab kelmoqda.