Xiaomi, Huawei, Honor, Vivo va Oppo kabi Xitoyning asosiy brendlari mobil telefonlar uchun tezkor quvvatlantiradigan universal qurilma ishlab chiqarish borasida kelishib oldilar. Bu haqda Gizmochina xabar bermoqda.

Ushbu tashabbus shuningdek mikrokontroller ishlab chiqaruvchi Rockchip va Xitoy Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari akademiyasi (CAICT) tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Ayni paytda tomonlar tafsilotlar boʻyicha kelishib olishmoqda va yaqin kelajakda birlashishlari mumkin.

Yagona standart ishlab chiqarish xarajatlarini va elektron chiqindilarni kamaytirishga yordam beradi. Endi foydalanuvchilar zaryadlovchi qurilmaning yangi smartfon bilan mos kelishi yoki yoʻqligi haqida tashvishlanmasalar ham boʻladi.

Avvalroq Spot, 2021-yil may oyida Xiaomi oʻzining tezkor quvvatlantiruvchi qurilmasini namoyish etganligi haqida yozgan edi. Kompaniya 4000 mA / soat quvvatga ega batareyani sim orqali sakkiz daqiqada, simsiz esa 15 daqiqada toʻliq zaryadlay olishini koʻrsatgan.