Podrobno.uz saytida “Куда уходят деньги? Клиенты „Алокабанка“ жалуются, что при обналичке пропадают 20 тысяч сумов, причем без каких-либо уведомлений” sarlavhasi ostida chop etilgan xabardagi holat Markaziy bankning Bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish xizmati tomonidan nazoratga olindi.

AT “Aloqabank"ning mazkur holat yuzasidan bergan tushuntirishidan kelib chiqib, AT “Aloqabank"ka qarashli bankomatlar orqali iste’molchilarning UnionPay International xalqaro to‘lov tizimiga tegishli bank kartalaridan naqd pul yechilganda to‘lov tranzaksiyalarini tasniflash tizimida yuzaga kelgan texnik xatolik sababli iste’molchilardan asossiz ravishda ortiqcha bank komissiyasi undirilganligi ma’lum bo‘ldi.

Shunga ko‘ra, AT “Aloqabank” boshqaruviga ortiqcha undirilgan bank komissiyasini jabrlangan iste’molchilarga to‘liq qaytarish hamda texnik xatolik kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillarni aniqlab, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligining oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish to‘g‘risida ko‘rsatma berildi.

Bundan tashqari, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish davomida ATB “Savdogarbank” tomonidan kredit mablag‘lari ajratilishida ayrim mijozlardan bank xizmatlari tariflarida ko‘zda tutilmagan va kredit shartnomalarida belgilanmagan bir martalik to‘lovlar undirilganligi holatlari aniqlandi.

Mazkur qoidabuzarlik bo‘yicha regulyator tomonidan ATB “Savdogarbank"ka nisbatan belgilangan tartibda jarima sanksiyasi qo‘llanildi hamda asossiz ravishda undirilgan bir martalik to‘lovlar jabrlangan mijozlarga to‘liq qaytarilishi va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi yuzasidan ko‘rsatma berildi.

Avvalroq Spot, banklarda kartalar orqali xizmat ko’rsatishning rad etilganligi sabab 13 ta bankka jarima sanksiyalarini qo’llanilgani haqidama’lumot bergan edi. Ular orasida “Savdogarbank” ham ham mavjud.