Prezident joriy yilning 17−18-iyun kunlari Andijon viloyatiga tashrifi davomida viloyat faollari bilan boʻlib oʻtgan yigʻilishda “Yangi Andijon” shahri infratuzilmasini muhokama qilgan edi.

Ushbu yigʻilishda 400 ming aholiga moʻljallangan “Yangi Andijon” hududini Andijon shahri bilan bogʻlovchi tezyurar jamoat transporti qatnovini tashkil qilish yuzasidan takliflarni ishlab chiqish boʻyicha Transport vazirligiga topshiriq berilgan edi.

Ekspertlar tomonidan Andijon shahrini “Yangi Andijon” hududi bilan bogʻlovchi quyidagi tezyurar transport turlarini joriy etish boʻyicha loyihalarni ishlab chiqish yuzasidan oʻrganish ishlar olib borilmoqda:

  • Hududlarni bogʻlovchi yer usti metrosini qurish;
  • Tezyurar avtobuslar harakati uchun BRT (Bus Rapide Transit) tizimini joriy etish;
  • Tramvay yoʻnalishini tashkil etish.

Shuningdek, Yangi shahar loyihasi 8 ta bosqichda amalga oshiriladi.

Uning kommunikatsiya tarmoqlarini boshlash uchun joriy yilda Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 100 million dollar ajratiladi. Bunda 33 kilometr ichimlik suvi tarmog‘i, 52 kilometr avtomobil yo‘li, 18 kilometr elektr va 27 kilometr gaz tarmoqlari quriladi.