London fond birjasida O‘zbekiston Respublikasining 635 mln. AQSH dollari va 2,5 trln. so‘m miqdoridagi xalqaro obligatsiyalari joylashtirildi. Bu haqda Moliya vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.

Yevrobondlar AQSH dollari uchun 3,9% kupon bilan 10 yil muddatga va so’m uchun 14% kupon bilan 3 yil muddatga chiqarildi.

Mazkur xalqaro obligatsiyalaridan tushgan mablag‘lar Barqaror rivojlanish maqsadlarini (BRM) moliyalashtirish va Davlat byudjeti defitsitini qoplash uchun yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasining “2021 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida"gi Qonunida joriy yilda Davlat byudjeti taqchilligini qoplash uchun 2,2 mlrd. dollar miqdorida davlat qarzi jalb qilinishi ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning 12 iyul kuni bank-anderrayterlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro obligatsiyalarining dastlabki foiz stavkalari AQSH dollarida 10 yillik muddat uchun 4,25%-4,375% va o‘zbek so‘mida 3 yillik muddat uchun 14,5% atrofida belgilandi va London vaqti bilan soat 08:30da buyurtmalar kitobi ochiq deb e’lon qilindi.

Buyurtmalar hajmi 3 soat ichida dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun, mos ravishda, qariyb 1,0 mlrd. dollar va 2,0 trln. so‘mni tashkil etdi.

Shakllangan buyurtmalar hajmi va moliyaviy konsultant-anderrayterlarning tahlillaridan kelib chiqib, London vaqti bilan soat 13:00da dollar va so‘mdagi obligatsiyalar uchun foiz stavkalari, mos ravishda, 4,125% va 14,25−14,5%ga tushirildi.

Savdo yakunlari bo‘yicha xalqaro obligatsiyalarning hajmi va foiz stavkalari (kupon) quyidagicha belgilandi:

  • 3 yillik o‘zbek so‘mi transhi: 2,5 trln. so‘m 14% kupon bilan (2020 yil noyabrda 3 yillik so‘mdagi obligatsiyalar 14,5% stavka bilan joylashtirilgan);
  • 10 yillik AQSH dollari transhi: 635 mln. dollar 3,9% stavkada (benchmarkka nisbatan spred — 2,55%).

Xalqaro obligatsiyalar mamlakatlar va hududlar kesimida


Xalqaro obligatsiyalar investorlar kesimida


Qayd etish lozimki, milliy valyutadagi xalqaro obligatsiyalar O‘zbekistonning Barqaror rivojlanish maqsadlarini moliyalashtirish uchun ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasi BRM obligatsiyalari dasturi doirasida chiqarildi.

Avvalroq Spot, O’zbekiston ushbu yevro obligatsiyalarni chiqarishga tayyorgarlik ko’rayotgani haqida xabar bergan edi.