Avvalroq Spot, taniqli milliarder Richard Brenson 5 kishilik jamoasi bilan birga 100 kmga balandlikka parvoz qilganligi haqida xabar bergan edi.

Parvoz AQShning Nyu-Mexiko shtatidan amalga oshirildi. U mahalliy vaqt bilan ertalab soat 08:30 da boshlanib, bir soat davom etdi. Mazkur sayohat Virgin Galactic kompaniyasi tomonidan jonli translyatsiya qilindi.

Bu hodisa yuzasidan korzinka.uz tarmog’i asoschisi Zafar Hoshimov o’zining Facebookdagi sahifasida bolalikdagi orzusi kosmonavt bo’lish ekanligi haqida yozib qoldirgan.

“Men yoshligida kosmonavt bo’lishni orzu qilgan avlod vakiliman. O’z orzuim haqida unutib qo’ygan ekanman. Kecha “Virgin Galactic” parvozini kuzatib turganimda, kutilmaganda o’g’lim mendan kosmosga uchishni xohlashimni so’rab qoldi. 45 yildan beri menga hech kim bunaqa savol bermagan ekan. Shu sababdan bo’lsa kerak biroz esankirab qoldim.

Bir lahza bolalikdagi oy-fikrlar, orzular, “Юный Техник” jurnalidagi hikoyalar va sevimli “Москва- Кассиопея” hamda “Отроки во Вселенной” filmlarini yodga oldim. Va o‘g‘limga “ha, albatta kosmosga uchishni istardim”, — deya javob berdim.

Bolalikda qachonki kosmos haqida orzu qilsam, qandaydir sayyorada, balki Oydan turib Yerimizga qarayotganimni tasavvur qilardim. Kechagi kun yangi, fuqarolik kosmonavtikasi kuniga aylandi. Ishonamanki, barchamiz qalban biroz kosmonavtmiz. Shunday ekan, barchamizni bayram bilan tabriklayman." — deydi tadbirkor.

Eslatib o’tamiz, avvalroq Zafar Hoshimov QQS va boshqa soliq islohotlari iqtisodiyotga qanday ta’sir o’tkazayotganligi haqida yozib qoldirgan edi.