Buxoroda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi elchixonasi tomonidan “O‘zbekistondagi qishloq ayollarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi bo‘yicha xalqaro grant shartnomasi imzolandi.

Loyiha chekka qishloq hududlardagi “Ayollar daftari"ga kiritilgan xotin-qizlarning tadbirkorlik qo‘nikmalarini rivojlantirish, bandligini ta’minlash hamda oilalarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Loyiha Yaponiya ijtimoiy rivojlanish fondining $2,728 mln miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga 2021−2024 yillarda Farg‘ona viloyatining Furqat, So‘x, Yozyovon, Qo‘shtepa va Jizzax viloyatining Yangiobod, Baxmal, Forish, Zomin tumanlaridagi mahallalarda amalga oshiriladi.

Loyiha ikki bosqichdan iborat:

  1. 3 ming 500 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlar boshlang‘ich moliyaviy savodxonlik va tadbirkorlik ko‘nikmalariga ega bo‘ladi.
  2. 350 ta biznes loyihalar uchun 1,5 million AQSH dollari ajratish orqali qishloq hududidagi ayollar tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilinadi hamda grant doirasida moliyalashtirilmagan biznes loyihalar belgilangan tartibda tijorat banklari orqali amalga oshiriladi.