Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ (Kompaniya) ustav kapitalidagi 57,118% davlat ulushini “Coca-Cola İçyecek A.Ş.” (CCI) kompaniyalar guruhiga, unga toʻliqligicha qarashli boʻlgan “CCI International Holland B.V.” shuʼba korxonasi orqali $252,28 mln ga sotish boʻyicha kelishuvga erishilganini maʼlum qildi.

“Davlat ulushining mazkur sotuv jarayoni „Rothschild & Co“ agentlikning moliyaviy maslahatchisi, Dentons esa yuridik maslahatchisi sifatidagi ishtirokida amalga oshirildi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

“Coca-Cola Ichimligi Uzbekiston, Ltd” MChJ — Oʻzbekistonda gazlangan alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi eng yirik kompaniya boʻlib, u Toshkent, Namangan va Urganch shaharlarida ishlab chiqarish zavodlariga, shuningdek omborxonalar tarmogʻiga ega.

Telegram-dagi “davletovuz” kanalining yozishicha, Coca-Cola İçecek A.Ş. kompaniyasining 50,3% aksiyasiga Anadolu Efes, 20,1% iga The Coca-Cola Company, 3,7% iga Özgörkey Holding egalik qiladi. Qolgan 25,9% Turkiya birjasida kotirovka qilinadi.

Kompaniya Turkiya, Ozarbayjon, Iroq, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Iordaniyada faoliyat yuritadi.