Islom taraqqiyot banki va Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati koʻmagida Iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish jamgʻarmasi tashkil etiladi. Jamgʻarma Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2-sentyabr kuni ITBning Toshkent sammitidagi nutqida jamgʻarma kapitali $500 mln ga yetkazilishi koʻzda tutilganini maʼlum qildi.

“Bugungi kunga qadar Bank tomonidan Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash, taʼlim, qishloq va suv xoʻjaligi, ichimlik suvi taʼminoti, yoʻl infratuzilmasi hamda qishloq joylarda arzon uy-joylarni qurish uchun jami $2,5 mlrd dan ortiq boʻlgan 30 ta yirik investitsiya loyihalari maʼqullangan. Va biz buni yuksak qadrlaymiz”, — deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, davlat rahbarining aytishicha, kapitali $500 mln ga yetkazilishi koʻzda tutilgan mazkur jamgʻarma yoshlar, ayollar va qishloq aholisini tadbirkorlikka jalb qilish uchun zarur sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.