14-sentabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda “Onix avtomobili sotuvga chiqdi” sharhli video shiddat bilan tarqaldi. Bu holat yuzasidan UzAuto Motors kompaniyasi rasmiy izoh berdi.

Kompaniya keltirilgan ma’lumotning asossiz ekanligini rasman e’lon qiladi. Bugungi kunda sotuvda mavjud bo’lgan avtomobillar ro’yxati bilan uzautomotors.com sayti orqali tanishishingiz mumkin.

Qolaversa, Chevrolet Onix rusumli avtomobilning sotuvi boshlanishi haqida biz rasmiy kanallarimizda e’lon qilamiz, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun: “UzAuto Motors” Chevrolet Onix va Tracker avtomobillarini sotuvga chiqarilishidan oldin maxsus izlanish olib bordi. Loyihada avtomobillarning dizayni, qulayligi va boshqa ko‘plab jihatlarini o‘rganishga qaratilgan maxsus so‘rovnoma o‘tkazildi.

Shuningdek, keltirilgan videoda sotuv boshlanganligi haqida hech qanday gap yoʻqligini inobatga oling. Qo’shimcha ma’lumot tarzida shuni ma’lum qilamizki, avtomobilning yonilg’i sarfi sezilarli darajada tejamkor 6 litrgacha bo’ladi.

Avtomobillar sotuvi hamda narxi boʻyicha ma’lumotlarni kompaniyaning rasmiy kanallaridan yoki @uzavtosavdo_bot telegram boti orqali bilib olish mumkin.