Prezident qaroriga muvofiq, “Toshkent metropoliteni” UK “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tarkibidan Transport vazirligi tizimiga oʻtkazilib, “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasiga oʻzgartirildi.

Qarorga koʻra:

  • 2022-yil 1-iyulgacha 7 ta metro bekatida (Beruniy, Chorsu, Paxtakor, Olmazor, Turkiston, Qoʻyliq bozori, Chilonzor) transport oʻtish bogʻlamalari;
  • 2022-yil 1-oktyabrgacha Toshkent shahriga kirib keluvchi yoʻlovchi transportlar uchun 6 ta metro bekati (Turkiston, Yunusobod, Chilonzor va yer usti halqa liniyasining 3, 4 va 5-bekati) atrofida avtoturargohlar tashkil etiladi.

Shuningdek, 2022-yil 1-yanvardan quyidagi maʼlumot va xizmatlarni oʻz ichiga oluvchi mobil ilova ishga tushiriladi:

  • metropoliten yoʻnalishlari (ularning qurilishi boʻyicha maʼlumotlar);
  • bekatlar (ular atrofida joylashgan obyektlar va jamoat transporti yoʻnalishlari);
  • poyezdlar harakati jadvali;
  • elektron toʻlov.

Bundan tashqari, 2022-yil 1-aprelgacha yer usti halqa metro bekati yoʻnalishida yoʻlovchilar uchun bepul WiFi tizimi bilan bogʻlash va yer osti metro bekatlarida mobil aloqa operatorlari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.