20-oktyabr, chorshanba kuni Yandex Go Andijonda ish boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Spotga maʼlum qildi.

Yoʻl kira narxi 2500 soʻmdan boshlanadi. Masalan, “Oʻzbegim” savdo-koʻngilochar markazidan “Bogʻishamol” mehmonxonasiga borish taxminan 4100 soʻmga tushadi, temir yoʻl vokzalidan Alisher Navoiy bogʻiga qadar esa 4700 soʻmga yetib olish mumkin.

“Andijon — Yandex Go Oʻzbekistonda ishga tushgan beshinchi shahar. Andijonliklar endi haydovchining qayerga borishi kerakligini tushuntirishi va qoʻngʻiroqlarga vaqtini sarflashi shart emas. Siz faqat sozlamalarda joylashuvingizni yoqishingiz kerak, qolganini xizmatning oʻzi aniqlaydi. Shuningdek, ilovada barcha kerakli maʼlumotlar koʻrsatiladi, masalan, qanday mashina keladi, hozir qayerda, yoʻl qanchani tashkil etadi va boshqalar”, — deya izoh beradi Yandex Go kompaniyasining Markaziy Osiyo bozorlarini rivojlantirish boʻyicha ijrochi direktori Tamirlan Shapiyev.

Andijonlik foydalanuvchilar avtoulovga buyurtma berilgan vaqtda yoʻlning aniq narxini ilovada koʻrishlari mumkin, buning uchun faqat manzilni kiritish kifoya. Haydovchi manzilga qaysi yoʻldan bormasin (masalan, yoʻl taʼmirlash ishlari yopilgan, natijada masofa uzoqlashgan boʻlsa ham) narx oʻzgarmaydi. Toʻlov hozircha faqatgina naqd koʻrinishida amalga oshiriladi.

Xizmatda dam olish va bayramlarsiz ishlaydigan qoʻllab-quvvatlash xizmati mavjud. Agar foydalanuvchi mashinada biror narsani unutgan boʻlsa yoki savol bermoqchi boʻlsa, ilova orqali qoʻllab-quvvatlash xizmatiga murojaat qilishi mumkin.

Yandex Go xaritalar, marshrutlash, navigatsiya, aqlli buyurtmalarni tarqatish kabi oʻz texnologiyalaridan foydalanadi.