O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya Federatsiyasiga yuborish bo‘yicha pilot loyihasi boshlandi.

Ushbu loyiha doirasida nomzodlarni ishga jalb qilish bilan bog‘liq, jumladan, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, emlash, rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi bo‘yicha imtihon topshirish, patent rasmiylashtirish va transport xarajatlari ish beruvchilar tomonidan qoplanadi.

Shu munosabat bilan o‘n ming nafar fuqaroni Rossiya Federatsiyasiga tashkiliy tarzda ishga jo‘natish tadbirlarini amalga oshirish maqsadida tibbiy asbob-uskunalar bilan Rossiyaning 40 nafar tibbiyot xodimi O‘zbekistonga yetib keldi.

Endilikda Rossiya hududida ishlash huquqini beruvchi patent olishda talab etiladigan tibbiy ko‘rik Rossiya sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Toshkentda o‘rnatilgan tibbiy asbob-uskunalar yordamida yurtimizda amalga oshiriladi.

Ta’kidlash joizki, ushbu tadbirlar Rossiyada ishlash istagida bo‘lgan ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratib, fuqarolarning vaqti va xarajatlari qisqarishiga xizmat qiladi.

Ma’lumot o‘rnida:

Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini olib borish istagida bo‘lgan fuqarolarni emlash va koronavirusga qarshi test topshirish jarayonlarini ikki davlat mutaxassislari tomonidan Rossiya tomoni tibbiy uskunalari yordamida birgalikda O‘zbekistonda amalga oshirish hamda ularning natijasi bo‘yicha tibbiy ma’lumotlarni “COVID-19siz sayohat” ilovasi tizimiga integratsiya qilinadi.