AQSh prezidenti Jo Bayden mamlakatda benzin narxi balandligicha qolayotganining sababini oʻrganishni buyurgan, deya yozmoqda Forbes .

AQShda ayni damda bir litr benzin narxi 99 sentgacha koʻtarilgan. Bu 2014-yildan keyingi eng baland narx hisoblanadi. Taqqoslash uchun oʻtgan yil AQShda benzin oʻrtacha 1 litri uchun 55 sentdan sotilgan.

Taʼkidlanishicha, Bayden AQSh Federal savdo komissiyasiga benzin narxining balandligicha qolayotganida neft kompaniyalarning qanchalik roli borligini tekshirishni buyurgan. Uningcha, benzin narxining tushmayotganida neft kompaniyalarining isteʼmolchilar huquqlariga zid harakat qilayotgani sabab boʻlishi mumkin va bu borada shubhali maʼlumotlar tobora koʻpayib bormoqda.

AQShning eng yirik neftogaz kompaniyasi Exxon bu gaplarga munosabat bildirmagan. Yana bir gigant Chevron esa AQSh neft instituti soʻroviga javob berar ekan Bayden shunchaki yuqori darajadagi oʻzgarishlardan odamlarni chalgʻitish uchun shunday bahona topganini bildirgan.

Avvalroq Spot O’zbekistondagi benzin narxi 10−15 kunda oʻzgarishi, bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Farruh Karabayev ma’lum qilganligi haqida yozgan edi.