Energetika vazirligining xabar berishicha, Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz va quvvati 230 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish loyihasi amalga oshirilmoqda.

Obyektda qurilish-montaj ishlari yakunlanib sozlash va ishga tushirish ishlari bajarilmoqda. 22-dekabr kuni elektr stansiyaning ochiq taqsimlash qurilmasiga ilk kuchlanish berildi. Ayni paytda qurilmaning yordamchi uskunalari ishga tushirilmoqda.

Yaqin kunlarda elektr stansiya Oʻzbekistonning yagona elektr tarmogʻiga ulanib, quvvat uzatishni boshlaydi.

Taʼkidlanishicha, elektr stansiyasi ishga tushirilishi natijasida yiliga 3,9 mlrd kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Ushbu loyihani amalga oshirish hisobiga yiliga 550 mln metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda $108 millionlik loyiha asosida shamol elektr stansiyasi qurilishi haqida yozgan edi.