Yangi yilning birinchi haftasida neft 5% ga qimmatlashdi, deb xabar bermoqda Reuters.

Birja 7-yanvar kuni yopilgach, Brent markali neftning mart fyucherslari bir barreli uchun $81,75, WTI bir barreli uchun $78,9 ni tashkil qildi. Oʻzining eng yuqori choʻqqisida Brent kotirovkalari $82 dan oshdi.

Narxlar noyabr oyining oxiridan boshlab, COVID-19 “omikron” shtammi haqidagi xabarlar paydo boʻlganidan beri eng yuqori choʻqqiga chiqdi. Axborot agentligining xabar berishicha, Qozogʻistondagi inqiroz, shuningdek, Liviyadan qora oltin yetkazib berishdagi uzilishlar tufayli ajiotaj kuchaygan.

Qozogʻiston Tengiz konida neft qazib olish payshanba kunidan boshlab kamaydi. Namoyishlar natijasida neft mahsulotlarini olib ketayotgan ayrim poyezdlar toʻxtatildi, deya xabar beradi u yerda ishlab chiqaruvchi Chevron.

Bundan tashqari, Liviyada neft quvurlarini taʼmirlash ishlari olib borilmoqda, buning natijasida u yerda ishlab chiqarish kuniga 1,3 mln barreldan 729 ming barrelgacha kamaydi.

Shuningdek, kotirovkalarga OPEK mamlakatlarida neft qazib olishning sekin oʻsishi taʼsir koʻrsatdi, dekabr oyida u kuniga atigi 70 ming barrelga oʻsdi. Avvalroq tashkilot ishlab chiqarishni koʻpaytirish uchun sohaga sarmoya kiritishni koʻpaytirishga chaqirgan edi.

Biroq, hafta oxirida AQShning bandlik hisoboti eʼlon qilinganidan keyin neft narxi biroz pasaydi. Koʻrsatkich kutilganidan past boʻlib chiqdi — bu Amerika iqtisodiyotining sekin tiklanishidan dalolat beradi.

Avvalroq Spot tartibsizliklar sabab Qozogʻiston biznesi koʻrgan zarar haqida yozgan edi.