Jahon banki 2022 va 2023-yillarda milliy iqtisodiyotning oʻsishi mos ravishda 5,6 va 5,8% ni tashkil etishini bashorat qilmoqda. Bu bankning yangi hisobotida aks etgan.

Unga koʻra, jahon iqtisodiyoti yangi COVID-19 shtammlari tarqalishi tahdidlari, shuningdek, inflyatsiya, qarz va daromadlar tengsizligining kuchayishi fonida aniq sekinlashuv davriga kirmoqda, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarning tiklanishiga xavf solishi mumkin.

Dunyo turli mamlakatlari boʻylab toʻxtatilgan isteʼmol talabi qondirilayotgani va moliyaviy qoʻllab-quvvatlash dasturlari bosqichma-bosqich toʻxtatilayotgani sababli, global iqtisodiy oʻsish 2021-yildagi 5,5% dan 2022-yilda 4,1% gacha va 2023-yilda 3,2% gacha sekinlashishi kutilmoqda.

Prognozga koʻra, Oʻzbekiston mintaqada eng yaxshi istiqbolga ega. Tojikistonda bir oz sekinroq oʻsish kutilmoqda (5,5%).

Shuningdek, erkin iqtisodiyot Indeksining “Erkin savdo” nazorat koʻrsatkichida Oʻzbekiston 75,6 ballni qoʻlga kiritdi. Yil davomida pozitsiyalarning yaxshilanishi — +20,2 ballni tashkil etdi.

Ushbu reytingda Oʻzbekiston AQSH, Yaponiya, Xitoy va Rossiya singari davlatlarni ortda qoldirdi.

Hozirgi kunda mamlakatimiz 2021-yildagi 163 oʻrindan ancha yuqorilab, 67 oʻringa koʻtarilib oldi va bu koʻrsatkich bilan Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchilik qilmoqda.