Moliya vazirligining xabar berishicha, 2022-yilning I choragida tijorat banklari tomonidan ajratilgan ipoteka kreditlari $42 mln miqdorida qayta moliyalashtiriladi.

Kompaniya tomonidan xalqaro moliya tashkilotlaridan qoʻshimcha mablagʻlar jalb etilishi boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda va 2022-yilning ikkinchi yarim yilligida oʻzlashtirilishini boshlanishi kutilmoqda.

“Ayni paytda joriy yilning birinchi yarim yilligida Moliya vazirligi resurslarini jalb etilishi nazarda tutilmoqda”, deyiladi xabarda.

Kompaniya tomonidan taqdim etilgan resurslar hisobidan ikkilamchi bozordan uy-joylar sotib olish uchun 2021-yilda 1,9 trln soʻm ipoteka kreditlari ajratildi, 2022-yil davomida 2,0 trln soʻm miqdorida kreditlar ajratilishi rejalashtirilmoqda.

2021−2022-yillarda kapital bozorini rivojlantirish Dasturini amalga oshirish boʻyicha Yoʻl xaritasi doirasida tijorat banklarini resurslar bilan barqaror taʼminlash maqsadida sekyuritizatsiya va ipoteka obligatsiyalar muomalasi amalga oshirilishini huquqiy asoslari yaratilmoqda.

2023-yildan boshlab Kompaniya tomonidan ipoteka obligatsiyalari chiqarilishi rejalashtirilgan va mazkur mablagʻlar hisobidan Kompaniya faoliyati yanada rivojlanadi.

Shu bilan birga, joriy etilgan yangi tartib doirasida Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga birlamchi bozordan kvartiralar sotib olish uchun muntazam ravishda resurslar ajratib kelinmoqda.

Moliya vazirligi resurslari hisobidan birlamchi bozordan kvartiralar sotib olish uchun 2021-yilda 5,0 trln soʻm ajratildi, 2022-yilda aholiga kreditlar berish uchun tijorat banklariga 12,8 trln soʻm resurslar ajratilishi nazarda tutilgan.