Prezident tomonidan “Intellektual mulk obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida"gi qonun imzolandi.

Unga koʻra, sanoat mulki obyektlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari belgilandi:

  • tegishli patentlangan sanoat mulki obyektini oʻz ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qoʻllash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yoʻsinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qoʻllash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish — yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.

2001-yil 30-avgustdagi “Tovar belgilari, xizmat koʻrsatish belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisida"gi qonunga tovar belgilari va tovar kelib chiqqan joy nomlari toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun jarima solish asoslari va tartibi, shuningdek yuridik shaxslar tomonidan jarimani toʻlash tartibini belgilovchi modda kiritildi.

Jumladan, tovar belgisidan, tovar kelib chiqqan joy nomidan yoki ular bilan adashtirib yuboradigan darajada oʻxshash boʻlgan bir turdagi tovarlar uchun belgilardan qonunga xilof ravishda foydalanish — BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi. Jarimalar miqdorlari huquqbuzarliklarning har bir turi boʻyicha alohida belgilanadi.

Jarima summasi miqdorining 70%i bir oy ichida ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda, huquqbuzar jarimaning qolgan summasini toʻlashdan ozod etiladi.

2006-yil 18-sentyabrdagi “Firma nomlari toʻgʻrisida"gi qonun modda bilan toʻldirildi, unga muvofiq firma nomidan qonunga xilof ravishda foydalanish yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.

1996-yil 27-dekabrdagi “Advokatura toʻgʻrisida"gi qonunga qator xizmatlarni avtomatlashtirish va texnik koʻmak berish bilan bogʻliq oʻzgartirishlar kiritildi. Jumladan, advokatlik byurolari, advokatlik firmalari va advokatlar hayʼatlarini roʻyxatdan oʻtkazish endi davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.