Davlat xizmatlari agentligining xabar berishicha, aholiga qulay boʻlishi uchun eski haydovchilik guvohnomasini yangi namunadagisiga almashtirishning soʻnggi muddati oʻtgan yili dekabr oyidan, 2022-yil 31-dekabrga qadar uzaytirilgan va bu jarayon 4 bosqichda amalga oshirilishi belgilangan. Yaʼni, eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi:

  • 2010-yilgacha berilganlari — 2022-yil 31-martgacha;
  • 2010 — 2012-yillarda berilganlari — 2022-yil 30-iyungacha;
  • 2013 — 2015-yillarda berilganlari — 2022-yil 30-sentyabrgacha;
  • 2015-yildan keyin berilganlari — 2022-yil 31-dekabrgacha.

Muammoning asosiy sababi 2022-yil 31-mart kuni eski guvohnomalarni almashtirishning birinchi bosqichi yakunlanishi, 2010-yilgacha berilgan eski “prava"lar haqiqiy emas deb hisoblanishi va belgilangan muddatda hujjatini almashtirmaganlar sonining koʻpligida. Bu esa, tabiiyki, Markazlarga tashrif buyuruvchilar oqimining sezilarli ortishiga sabab boʻlgan. (Tashrif buyuruvchilar oqimining dinamikasi infografikada aks etgan)

DXMlarga xizmatdan foydalanish uchun tashrif buyuruvchilar koʻpligi, jumladan, ular orasida hududlardan ham tashrif buyurayotganlar oz emasligini, shuningdek, fuqarolarga ushbu davlat xizmatini koʻrsatishda qoʻshimcha qulaylik yaratish maqsadida Toshkent shahrining Mirobod, Mirzo Ulugʻbek, Yashnobod, Yakkasaroy, Sergeli, Chilonzor, Uchtepa, Shayxontohur, Olmazor, Yunusobod tumani Davlat xizmatlari markazlarida 2022-yilning 21-fevral kunidan boshlab, “soʻnggi mijozgacha” ish rejimi tashkil qilindi.

Bunda, yuqorida qayd etilgan DXMlar orqali haydovchilar dushanbadan-juma kuniga qadar ertalab soat 9:00dan kechgacha hamda shanba kuni soat 09:00dan 13:00 ga qadar xizmatdan foydalanishlari mumkin.