Prezident videoselektorida taʼlim tizimida xotin-qizlar uchun yana bir qator keng imkoniyatlar haqida maʼlumot berildi. Unga koʻra:

  • yangi oʻquv yilidan boshlab magistraturada oʻqiyotgan qizlarning kontrakt pullari toʻliq byudjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 mlrd soʻm)
  • har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi
  • har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yoʻqotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) taʼlim kontrakti mahalliy byudjetdan toʻlab beriladi
  • yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy oʻqishga sharoit yaratiladi
  • doktorantura yoʻnalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

“Taʼlim tizimining barcha pogʻonalarida oʻqishga intilgan xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlaymiz va ularga sharoit yaratamiz”, — degan prezident.

2022−2026-yillarga moʻljallangan Xotin-qizlar taʼlimini qoʻllab-quvvatlash dasturi qabul qilinadi. Dastur doirasida poytaxtda asosan xotin-qizlarni oʻqitish uchun davlat-xususiy sherikchilik asosida toʻqimachilik sohasida alohida universitet tashkil etiladi. Joylarda uning texnikumlari ham ochiladi.

Shuningdek, yangi oʻquv yilidan boshlab oliygoh, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan qizlarga taʼlim kontraktlarini toʻlash uchun, ilk marta 7 yil muddatga foizsiz kredit berish joriy qilinadi.

Avvalroq Spot xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga “dekret pullari” qisman davlat tomonidan qoplanishi haqida yozgan edi.