2022−2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 1-mart kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda maʼlum qildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda 400 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti ayollarni kasbga oʻqitish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish, ijtimoiy yordam koʻrsatish boʻyicha yaxshi tajriba yaratgan.

Shu bois, qishloq joylarida bunday loyihalarni amalga oshirish uchun nodavlat tashkilotlarga 2 mlrd soʻmgacha grantlar ajratiladi.

Oʻzi yoki qaramogʻida nogironligi bor yaqini boʻlgan xotin-qizlarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish, ularni kasbga oʻqitish borasida, nodavlat notijorat tashkilotlariga berilayotgan grantlar miqdori 5 baravarga oshirilib, 200 mln soʻmgacha yetkaziladi.

“Ayollar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish uchun, qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratamiz”, dedi prezident.

Buning uchun tadbirkor ayollar ulushini hozirgi 25% dan — 40%ga yetkazish boʻyicha 2022−2024-yillar uchun “Biznes ayollar” dasturi qabul qilinadi. Ushbu dastur ijrosiga jami 8 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Avvalroq Spot xususiy sektorda ishlaydigan ayollarga “dekret pullari” qisman davlat tomonidan qoplanishi haqida yozgan edi.