Markaziy bank oʻzining kanalida regulyator rahbari Mamarizo Nurmuratovning suratidan foydalanilgan Banker Telegram kanali yuzasidan bayonot berdi.

Kanal tavsifida “Sizning bankiringiz” deb yozilgan. Shuningdek, Nurmuratov bilan bogʻlanish va unga murojaat yuborish imkonini beruvchi Telegram bot manzili ham bor.

“Biz Banker deb nomlangan Telegram kanali yoki u bilan bogʻlangan botning Markaziy bankka aloqasi yoʻqligini maʼlum qilamiz, — deyiladi xabarda.

Regulyator uning nomiga kelib tushgan murojaatlar @CBUz_bot boti yoki info@cbu.uz elektron pochtasi orqali qabul qilinishini eslatdi.

Shuningdek, Markaziy bank oʻzbekistonliklarni bank tizimidagi yangiliklardan xabardor boʻlish uchun rasmiy veb-sayt va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalardan foydalanishga chaqirdi. “Yolgʻon maʼlumotlardan ehtiyot boʻling”, — deya ogohlantirdi matbuot xizmati yakunida.

Avvalroq Spot Zafar Hoshimov nomidagi firibgar “fond” haqida xabar bergan edi.