Oʻzbekiston Markaziy banki barcha tijorat banklariga rublni sotib olish va sotish kurslari oʻrtasidagi farqni “maqbul darajada” saqlab turishni tavsiya qildi.

Regulyator oʻz bayonotida Rossiya rublining birja va birjadan tashqari kurslari oʻrtasida sezilarli farqlar yuzaga kelayotganini qayd etib, bu — “Rossiyadagi fuqarolarimizning oʻz mablagʻlarini erkin valyutaga almashtirish jarayonida yoʻqotishlariga olib kelayotgani"ni bildirgan.

Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Markaziy banki:

  • barcha tijorat banklariga Rossiya rublidagi pul oʻtkazmalari boʻyicha ayirboshlash operatsiyalarini uzluksiz amalga oshirish hamda valyuta kursini belgilashda sotib olish va sotish kurslari oʻrtasidagi farqni maqbul darajada saqlab turish;
  • banklarning valyuta xavf-xatarlarini minimallashtirish maqsadida Rossiya rublini sotish va sotib olish kurslarini joriy xalqaro kotirovkalarga asosan kun davomida oʻzgartirib borish yuzasidan tavsiyalar berdi.

“Bu Rossiya Federatsiyasidagi Oʻzbekiston fuqarolariga pul mablagʻlarini Rossiya rublida yuborish va respublika hududida ushbu mablagʻlarni ixtiyoriy valyutada qabul qilib olish imkonini beradi”, — deyiladi MB bayonotida.

Ta’kidlanishicha, Markaziy bank mavjud vaziyatni doimiy kuzatib bormoqda va zarur hollarda aholi manfaatlarini hamda milliy valyuta va bank tizimi barqarorligini taʼminlash boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrib boradi.