Adliya vaziri tomonidan “Notariuslar tomonidan amalga oshiriladigan huquqiy va texnik tusdagi qoʻshimcha harakatlar uchun undiriladigan toʻlovlarning maksimal miqdorlariga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida"gi buyruq imzolandi.

Hujjat prezidentning “Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi qarori hamda Vazirlar Mahkamasining “Nodavlat notarial faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida"gi qaroriga muvofiq qabul qilindi.

Garov (ipoteka) va lizing shartnomalarini tasdiqlash uchun haq miqdori barcha shaxslar uchun bazaviy hisoblash miqdorining 10 foizigacha kamaytirildi. Ilgari, jismoniy shaxslar uchun 20% va agar bitta tomon yuridik shaxs boʻlsa — bazaviy hisoblash miqdorining 50%ini tashkil qilgan.

Meros ishi boʻyicha tushuntirishlar berish uchun toʻlanadigan haq miqdori ikki baravar koʻpaydi va endi bazaviy hisoblash miqdorining 20%ini tashkil qiladi.

Notarial tasdiqlanadigan hujjatlar loyihalarini tayyorlash tartibiga quyidagi oʻzgartirishlar kiritildi:

  • garov (ipoteka) va lizing shartnomalari loyihalarini tayyorlash uchun toʻlanadigan haq miqdori. Jismoniy shaxslar uchun (hamda bitta taraf jismoniy shaxs boʻlsa) bu miqdor bazaviy hisoblash miqdorining 15%ini tashkil etadi. Ilgari, bu haq ikki baravar koʻproq edi va 30%ni tashkil qilar edi. Agar shartnomaning ikki tarafi yuridik shaxslar boʻlsa, haq miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 100%ini tashkil qiladi, oldingi tahririda bu miqdor tomonlardan biri yuridik shaxs boʻlgan taqdirda qoʻllanilgan;
  • barcha shaxslar (yuridik va jismoniy) uchun mulkni ijaraga berish shartnomalarini tayyorlash uchun haq miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 20%ini tashkil qiladi. Ilgari, bu miqdor shartnoma taraflari kimligiga qarab farqlanardi. Jismoniy shaxslar uchun — 20%, tomonlardan biri yuridik shaxs boʻlsa — 50%;

merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma loyihasini tayyorlash uchun endi bazaviy hisoblash miqdorining 100%i undiriladi. Ilgari, bu miqdor 20%ni tashkil qilgan.

“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali koʻchmas mulk yoki avtomototransport vositalarini boshqa shaxsga oʻtkazish taqiqlanmaganligi tekshirish yoki bu haqda maʼlumotnoma berish (har bitta mulk uchun) bazaviy hisoblash miqdorining 15%i undiriladi. Ilgari, agar shartnomaning tarafidan biri yuridik shaxs boʻlsa, bu miqdor 25%ni tashkil qilgan.

Avvalroq Spot ayrim turdagi notarial harakatlar masofadan turib amalga oshirish tizimi ishga tushirilishi haqida xabar bergandi.