“Sirdaryo viloyatida quvvati 1 600 MVt boʻlgan bugʻ-gaz issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida EDF (Fransiya) Nebras Power (Qatar) va Sojitz (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi oʻrtasida elektr energiyasini sotib olish boʻyicha bitim imzolandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar bermoqda.

Loyiha doirasida Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida 55 gektar maydonda zamonaviy “H-class"dagi qoʻshma siklda ishlaydigan gaz va bugʻ turbinali issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan boʻlib, 2026-yilning yanvar oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, loyihaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 12 mlrd kVt/soatni tashkil etadi. Stansiyaning foydali ish koeffitsiyenti 60% dan yuqori boʻladi va buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

“Ahamiyatlisi, stansiya qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushgach esa 120 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Avvalroq Oʻzbekistonda umumiy quvvati 2 920 MVt boʻlgan 15 ta yangi GES qurilishi haqida xabar berilgandi.