Monopoliyaga qarshi qoʻmita aralashuvidan soʻng tovar birjasidagi shakar chorakka arzonlashdi, deb xabar qildi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi.

Shakar ishlab chiqaruvchilar tovar xomashyo birjasi orqali kunlik sotuvlarini 50% ga oshirdilar. Agar mart oyining boshida birja orqali kuniga 1440 tonna namoyish etilgan boʻlsa, oyning soʻnggi kunlarida sotuv 2200 tonnani tashkil etgan.

Bundan tashqari, 30-mart kuni birjada bir tonna shakar 17-martga nisbatan oʻrtacha 25% ga arzonlashgan. Maʼlumot uchun, oʻsha kuni narx 12 mln soʻmga yaqinlashgan edi.

Bir sessiyada bitta xaridorga (20 tonna) sotish hajmini cheklash bilan bir qatorda shakar sotib olish uchun avans toʻlovi miqdori 2% dan 10% ga oshirildi. Xabarda aytilishicha, bu chayqovchilikning oldini olish — xususan, allaqachon berilgan buyurtmalarni bekor qilish uchun qilingan.

Chora-tadbirlarning birinchi kunida shakarning birja narxi 15% ga, ikki kun ichida esa deyarli 30% ga tushdi. Keyinchalik biroz oʻzgartirishlar boʻldi.

Shakar taqchilligi Oʻzbekistonga tahdid solmaydi, deya taʼkidlaydi vazirlik. 2021-yilda talab hajmi asosan Braziliyadan yetkazib berish hisobiga 110% ga qoplandi. Rossiya shakar importining atigi 1%ini tashkil etdi.

Bu yil Rossiya tomonidan kiritilgan cheklovlarga qaramay, shakar mahsulotlari importi dastlabki uch oyda 10% ga oʻsdi. Tashqi bozorlarda oʻzgarishlar yuz bergan taqdirda shakar xomashyosini uzluksiz yetkazib berish uchun bir qancha yoʻnalishlar ishlab chiqilgan.

Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xorijlik yetkazib beruvchilar bilan 2022-yil oxirigacha shakar xom ashyosini kafolatlangan yetkazib berishni nazarda tutuvchi shartnomalar tuzdi.