Vazirlar Mahkamasining “Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish kiritish haqida"gi qarori loyihasi eʼlon qilindi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-fevraldagi 163-son qarori bilan tasdiqlangan meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandi uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

“Meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona nazorati va rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi asosida amalga oshiriladi. Bunda hujjatlardagi mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, shuningdek, mahsulotlarni Oʻzbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanadi.”.

Qayd etilishicha, meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomning 4-bandida:

  • bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfining belgilari aniqlanmagan holatlarda, meva-sabzavot mahsulotlarining bojxona rasmiylashtiruvi eksport qiluvchi tomonidan taqdim etilgan hujjatlar asosida bojxona koʻrigi oʻtkazilmasdan amalga oshirilishi;
  • bunday mahsulotlar yuklangan transport vositasiga bojxona rasmiylashtiruvi amalga oshirilgan bojxona organi tomonidan identifikatsiya vositalari oʻrnatilishi;
  • bunda hujjatlardagi mavjud maʼlumotlarning ishonchliligi, shuningdek, mahsulotlarni Oʻzbekiston bojxona chegarasidan noqonuniy olib oʻtish holatlari uchun eksport qiluvchi javobgar hisoblanishi belgilangan.

Bildirilishicha, mazkur holatda eksportga joʻnatiladigan meva-sabzavot mahsulotlari “Xavfni boshqarish” avtomatlashtirilgan tizimida “sariq” yoki “yashil” yoʻlak orqali rasmiylashtirilganda bojxona organlari tomonidan transport vositalarining yuk boʻlimlariga identifikatsiya vositalari qoʻyilishiga yoki “qizil” yoʻlak orqali rasmiylashtirilganda esa bojxona koʻrigidan oʻtkazilmasligiga toʻgʻri kelmoqda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, shuningdek qonunchilik hujjatlarini oʻzaro muvofiqlashtirish, cheklangan resurslardan samarali foydalanish hamda tadbirkorlik subyektlariga yanada qulayliklar yaratish maqsadida qaror loyihasi ishlab chiqilgani aytiladi.

Avvalroq Spot Oʻzbekistonda Rossiya, Ukraina va Belarus bilan ishlovchi korxonalarga bir qator yengilliklar berilishi haqida yozgan edi.