“Birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini aholiga yaqinlashtirish va tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida"gi Prezident qarori (PQ-215-son, 25.04.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra:

  • hududlarda 2023-yil 1-yanvardan joylardagi oilaviy poliklinika filiallari negizida oilaviy shifokor punktlari tashkil etiladi;
  • oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika va tuman (shahar) koʻp tarmoqli markaziy poliklinikalarida kunduzgi statsionar ish vaqti soat 20:00 gacha uzaytiriladi hamda ularda ishlovchi tibbiyot xodimlari uchun 2022-yil 1-iyundan qoʻshimcha ustama haqi belgilanadi;
  • 2022-yil 1-maydan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan olis masofada joylashgan mahallalarda mahalla tibbiyot punktlari tashkil etiladi (2022-yilda jami 1002 ta);
  • aholining profilaktik tibbiy koʻriklari, skrining dasturlar va patronaj xizmati faqat Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan tartibga muvofiq va belgilangan muddatlarda amalga oshiriladi, boshqa tashkilotlarning ushbu jarayonga aralashuviga yoʻl qoʻyilmaydi.

2022-yil 1-iyuldan:

  • olis va chekka hududlardagi oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarda faoliyat yuritayotgan barcha shifokorlar oylik ish haqiga qoʻshimcha 2 million soʻm miqdorida har oylik ustama belgilanadi hamda ularga ipoteka asosida uy-joy sotib olishda uy-joy qiymatining 50 foizigacha qismi, biroq BHMning 500 barobaridan (135 mln soʻmdan) oshmagan miqdorda qoplab beriladi;
  • olis va chekka hududlarda uzluksiz 3-yil ishlagan shifokorlar klinik ordinaturaga test sinovlarisiz qabul qilinadi.

2022-yil 1-sentabrdan shifokorlarning yakka tartibda oilaviy shifokorlik faoliyatini yuritishga ruxsat beriladi.

Buning uchun alohida tibbiyot muassasasi ochish talab etilmaydi va ushbu toifadagi shifokorlarga oʻz uyida yoki ijaraga olingan binoda tibbiy xizmatlar koʻrsatishi mumkin.

Mazkur tajriba dastlab 2022-yil yakunigacha Sirdaryo viloyatida, keyinchalik esa bosqichma-bosqich boshqa hududlarda joriy etiladi.

2022-yil 1-avgustdan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarning ish samaradorligini baholash boʻyicha yangi reyting tizimi joriy qilinadi. Bunda:

  • hududda ortiqcha vazndan xalos boʻlish, toʻgʻri ovqatlanish tamoyillariga rioya etish, jismoniy faollikni oshirish, infarkt, insult, qandli diabet, onkologiya kabi kasalliklarning oldini olish boʻyicha koʻrsatkichlar asosiy mezonlar boʻladi;
  • har 6 oyda ijobiy koʻrsatkichlarga erishgan tibbiyot xodimlari ragʻbatlantiriladi hamda eng yaxshi natija koʻrsatgan tibbiyot muassasasi mukofot va qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi;
  • ushbu tizim 2022-yilda Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 11 ta hamda Namangan viloyatining Uychi tumanidagi 12 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinikalarda, 2023-yildan bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etiladi.

2022-yil 1-sentabrdan tibbiyot tizimi rahbarlarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda mahalla fuqarolar yigʻinlarida hisobot berish tartibi joriy qilinadi.

2022-yil 1-noyabrgacha davlat tomonidan aholiga bepul koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar va beriladigan dori vositalari hajmi toʻgʻrisidagi ma’lumotlarni taqdim etish imkonini beruvchi mobil ilova yaratiladi.

2022-yil yakunigacha Andijon, Buxoro va Xorazm viloyatlaridagi tibbiyot OTM klinikalarining neyroxirurgiya boʻlimlari negizida yuridik maqomga ega boʻlmagan hududlararo neyroxirurgik markazlar tashkil etiladi.

Qaror bilan oʻz mahallasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilgan, shaxsiy namuna koʻrsatgan tibbiyot xodimlari va jamoatchilik vakillari uchun “Xalq salomatligi posboni” koʻkrak nishoni ta’sis etildi.

2022-yil 1-iyundan qon bilan bevosita ishlayotgan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari gepatit “V” kasalligiga qarshi bepul emlanishi yoʻlga qoʻyiladi.

Har yili 1 000 nafargacha imtiyozi boʻlmagan, uzoq yillar davlat tibbiyot muassasalarida ishlayotgan bemor xodimlarga yuqori texnologik operatsiyalar sugʻurta badallari hisobidan oʻtkaziladi.