Prezident don mahsulotlari korxonalarida transformatsiya jarayonlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish o’tkazmoqda.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari fermer va klasterlar oʻzlari yetishtirgan gʻallasini birja savdolariga olib chiqishlari uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilishini ta’kidladi.

Bunda, eng avvalo, davlat resurslari uchun sotib olinadigan 1 tonna bugʻdoy narxi oʻtgan yildagi 1 mln 550 ming soʻmdan joriy yil hosili uchun 3 mln soʻmga, ya’ni 2 baravarga oshirilishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi xarid qilgan 1 million 783 ming tonna bugʻdoy ehtiyojga qarab oyma-oy birjaga chiqariladi.

Bunda iyul-avgust oylarida birjada shakllangan oʻrtacha narxlardan kelib chiqib, fermerlarga oʻrtadagi ijobiy farq ham toʻlab beriladi.

Misol uchun, avgust oyida 1 tonna gʻallaning birja narxi 3,5 million soʻm boʻlsa, fermerga yana 500 ming soʻm toʻlab beriladi. Bu maqsadlarga joriy yilda davlatdan 6 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.

Bundan tashqari:

  • fermerlar ixtiyorida qoladigan bugʻdoydan 500 ming tonnasi don korxonalarida vaqtincha saqlash uchun qabul qilinadi va 1-iyuldan boshlab ilk bora fermer va klasterlarning oʻzlari birja savdolariga bozor narxida chiqaradi;
  • 500 ming tonna bugʻdoyning don korxonalarida vaqtincha saqlash xarajatlarini davlat oʻz zimmasiga oladi va bunga 100 milliard soʻm ajratiladi.

Agar fermer va klasterlar tomonidan yetishtirgan ortiqcha gʻallasini sotish istagi boʻlsa, davlat va xususiy don korxonalariga shartnoma asosida kelishilgan narxlarda sotadi.