‍Hukumatning yoqilgʻi-energetika resurslarining narxlarini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qarori loyihasi jamoatchilikmuhokamasiga qoʻyildi. Qaror loyihasiga koʻra:

2022-yil 1-iyuldan boshlab elektr energiyasi boʻyicha:

  • aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha — 325 soʻm (hozirda 295 soʻm), 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun — 650 soʻm;

    (Tabaqalashtirilgan narxlarda 250 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 7,5 ming soʻmgachani, 300 kVt.s gacha ishlatadigan abonentlar uchun 25 ming soʻmgachani va 400 kVt.s gacha elektr energiya ishlatadigan abonentlar uchun esa 61 ming soʻmgachani tashkil etadi).
  • Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari (800 soʻm)dan tashqari barcha yuridik shaxslar uchun — 600 soʻm.

    Tabiiy gaz boʻyicha:
  • aholi uchun 1 kub m tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha — 410 soʻm (hozirda 380 soʻm), 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun -1 200 soʻm, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha — 410 soʻm, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun — 1 200 soʻmni tashkil etadi.

Isitish mavsumida 700 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 21 ming soʻmgacha, 1 000 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 267 ming soʻmgachani tashkil etadi.

Shuningdek, isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub m gacha tabiiy gaz iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 6 ming soʻmgacha, 300 kub m gacha iste’mol qiluvchi abonentlar uchun qoʻshimcha xarajat oyiga 88 ming soʻmgachani tashkil etadi.

Navoiy KMK, Olmaliq KMK va budjet tashkilotlari uchun — 1 300 soʻm, avtomobillarni gaz bilan toʻldirish kompressor stansiyalari uchun — 1 200 soʻm, issiqlik elektr stansiyalari uchun — 1 000 soʻm hamda qolgan yuridik shaxslar uchun — 1 150 soʻm.

Umuman, hukumatning rejalariga koʻra, 2026-yildan boshlab elektr energiyasi, tabiiy va suyultirilgan gazning ulgurji bozoriga oʻtiladi hamda narxlar erkin shakllanadi.