Xususiy yoqilgʻi quyish shoxobchalari bir necha kun ichida qoidabuzarliklar bilan 393 ming litr benzin sotdi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati yozmoqda.

25−28-may kunlari vazirlikka qarashli “Oʻzneftgazinspeksiya” tomonidan 113 ta xususiy korxonaga qarashli 117 ta yoqilgʻi quyish shoxobchalarida nazorat tekshiruvlari oʻtkazildi. Ular davomida yoqilgʻini kam toʻldirish, sifatsiz tovarlarni sotish holatlari aniqlandi.

Maʼlum boʻlishicha, 230 ming litr benzin sifat standartlariga javob bermaydi. Bu — shu vaqt ichida yoqilgʻi quyish shoxobchalari tomonidan sotilgan umumiy hajmning 10% ni tashkil qiladi.

Yoqilgʻining kelishi va sarflanishini hisobga olishda boʻshliqlar aniqlandi. Hisobga olinmagan neft mahsulotlari taqchilligi 150 ming litrni, ortiqcha esa yana 13 ming litrni tashkil qildi.

Shuningdek, tekshiruvlar davomida 500 ga yaqin texnik va metrologik kamchiliklar aniqlangan.

Shu bilan birga, 43 holatda isteʼmolchilarga yoqilgʻini kam toʻldirilish holati kuzatilgan, bu har 10 litr uchun 10 dan 740 ml gacha deganidir.

Huquqbuzarliklarning eng katta hajmi Andijon viloyatida aniqlangan — ular 94 ming litr neft mahsulotlarini sotishga taʼsir qilgan. Keyingi oʻrinlarda Surxondaryo (70 ming litr) va Toshkent viloyati (44 ming litr) bormoqda. Toshkent shahrida 18 ming litr qoidabuzarliklar aniqlandi.

Avvalroq Spot AI-80 benziniga aksiz soligʻi oshishi uning yakuniy narxiga qanday taʼsir qilishini maʼlum qilgandi.