“Davlat koʻchmas mulk obyektlarini hokim yordamchilarining onlayn-buyurtmanomasiga asosan toʻgʻridan toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqarish tartibini tasdiqlash haqida"gi hujjat loyihasi eʼlon qilindi.

Unga koʻra, maydoni 2 000 kv.metrgacha boʻlgan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulki obyektlari hokim yordamchilari onlayn-buyurtmanomasiga asosan toʻgʻridan toʻgʻri elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi. Bunda onlayn-buyurtmanoma hokim yordamchilari tomonidan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Davlat mulki” axborot tizimi orqali beriladi.

Hokim yordamchilari onlayn-buyurtmanomalariga asosan davlat koʻchmas mulk obyektlari muvofiq sxema boʻyicha elektron onlayn-auksion savdolariga chiqariladi. Davlat koʻchmas mulk obyektlarini sotish shartlari, agar prezident, Vazirlar Mahkamasi yoki Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasi qarorlarida boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, sotuvchi tomonidan belgilanadi.

Hokim yordamchisi oʻzi biriktirilgan mahallada aniqlangan boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektini sotish uchun axborot tizimi orqali onlayn-buyurtmanoma beradi.

Hokim yordamchisi onlayn-buyurtmanomasida boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyekti boʻyicha quyidagi maʼlumotlar ilova qilinadi:

  • obyekt toʻliq manzili;
  • fotosuratlari va aniq geopozitsiyasi;
  • obyektni kelgusida sotish boʻyicha taklifi.

Bunda, onlayn-buyurtmanoma hokim yordamchisi tomonidan elektron raqamli imzo bilan tasdiqlangan holda yuboriladi.

Axborot tizimiga onlayn-buyurtmanoma kelib tushgandan soʻng agentlik hududiy boshqarmalari tomonidan uch ish kuni davomida:

  • koʻchmas mulk obyekti boʻsh turgani;
  • kadastr hujjatlariga muvofiq obyekt umumiy yer maydoni va bino-inshootlar egallagan maydoni hamda balansda saqlovchi;
  • boʻsh turgan koʻchmas mulk obyekti ijtimoiy soha obyekti toifasiga kirishi yoki kirmasligi;
  • boʻsh turgan koʻchmas mulk obyekti prezident, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Hududlarni rivojlantirish dasturi (tarmoq jadvali)da mavjudligi yoki mavjud emasligi;
  • xususiylashtirish dasturlariga kirgani, obyektdan kelgusida samarali foydalanish boʻyicha vakolatli organ qarori mavjudligi;
  • obyektga nisbatan taqiq (cheklov) mavjudligi oʻrganiladi;
  • boʻsh turgan koʻchmas mulk obyekti joyiga chiqqan holda koʻzdan kechiriladi.

Avvalroq Spot yerlarni auksionga qoʻyish tartibi soddalashtirilishi haqida yozgan edi.