Tadbirkor Alisher Usmonovning fikriga koʻra, hozir investorlar uchun Oʻzbekiston bozoriga kirish uchun qulay vaqt. U bu haqda Forbes nashriga ma’lum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, sarmoya kiritish uchun eng qiziqarli yoʻnalishlar quyidagilar:

  • paxtani qayta ishlash;
  • meva-sabzavot yetishtirish;
  • rangli metall rudalarini qazib olish va qayta ishlash.

Usmonovning ta’kidlashicha, Oʻzbekiston hozirda katta taassurot uygʻotadigan islohotlar yoʻlidan bormoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatni dunyoga olib chiqish uchun bor kuchini sarflamoqda.

“Ilgari men bu yerda na yashay, na ishlay olardim. Ammo bugungi maqsadimni O‘zbekistonning o‘z salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga yordam berishda deb bilaman”, — deydi tadbirkor.

Alisher Usmonov barcha investorlarni O‘zbekistonga sarmoya kiritishga chaqirib, u aksiyador boʻlgan kompaniyalar bu yerda metallurgiya, sement ishlab chiqarish va telekommunikatsiya sohalariga sarmoya kiritayotganini qoʻshimcha qildi.

Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, uning O‘zbekistonda ishlab topgan barcha pullari O‘zbekistonda qoladi.